DOI nima va jurnal maqolalariga uni qanday ulash mumkin?
DOI maqolaning doimiy raqamli manzili. U qanday ishlaydi, Crossref aʼzoligi nima uchun kerak va OJS saytiga DOI ulash jarayoni qanday oʻtadi.
DOI (Digital Object Identifier) maqolaga bir umrga beriladigan identifikator. Masalan, 10.12345/jurnal.2026.01 koʻrinishidagi raqam maqolaning joriy manziliga bogʻlanadi. Sayt koʻchsa yoki manzil oʻzgarsa ham, DOI havolasi ishlayveradi.
DOI nega kerak?
- Doimiy havola: maqolaga qilingan iqtiboslar yoʻqolmaydi
- Iqtiboslarni kuzatish: maqolani kim va qayerda keltirganini bilish mumkin
- Indekslar talabi: koʻp xalqaro bazalar DOI'ni kutadi
- Ishonch: mualliflar DOI beradigan jurnalga maqola berishni afzal koʻradi
Crossref nima?
Ilmiy maqolalarga DOI asosan Crossref orqali beriladi. Buning uchun jurnal yoki nashriyot Crossref aʼzosi boʻlishi kerak. Aʼzolik va har bir DOI'ni roʻyxatga olish uchun Crossref'ning oʻz toʻlovlari bor. Amaldagi tariflarni Crossref saytida tekshiring, ular vaqti-vaqti bilan oʻzgaradi.
OJS saytiga DOI ulash
Aʼzolik tasdiqlangach, sayt DOI bilan ishlashga sozlanadi:
- OJS'da DOI funksiyasi yoqiladi va jurnal prefiksi kiritiladi.
- DOI formati belgilanadi.
- Crossref hisobi OJS bilan bogʻlanadi.
- Sinov uchun bitta maqola metamaʼlumoti yuboriladi.
- Xatolar tuzatilgach, yangi maqolalarga DOI avtomatik beriladi.
Eski maqolalar-chi?
Oldingi sonlardagi maqolalarga ham DOI berish mumkin. Bu alohida ish, chunki har bir maqolaning metamaʼlumoti tekshirilishi kerak.
Batafsil va narxlar: Crossref DOI ulash.